Jurnal haqida
“Engineering, Economics and Education” — taqriz qilinadigan ilmiy-elektron jurnal boʻlib, uning muassisi “PARALLAX IT CLUB” MChJ (Toshkent shahri, Oʻzbekiston Respublikasi) hisoblanadi. Jurnalda muhandislik va texnika fanlari, iqtisodiyot hamda taʼlim sohalaridagi fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini aks ettiruvchi original ilmiy maqolalar, sharhlar va qisqa ilmiy xabarlar chop etiladi. Jurnalning maqsadi mahalliy va xorijiy olimlar oʻrtasida ilmiy muloqot uchun ochiq maydon yaratish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish, iqtisodiyot va taʼlim amaliyotiga joriy etishga koʻmaklashishdan iborat. Jurnalda Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislarning maqolalari eʼlon qilinadi.
Ilmiy yoʻnalishlar:
- Muhandislik: mashinasozlik, transport va logistika; energetika va elektrotexnika; qurilish, arxitektura va gidrotexnika inshootlari; kimyoviy texnologiyalar, materialshunoslik, togʻ-kon ishi va metallurgiya; AKT, avtomatlashtirish va boshqaruv.
- Iqtisodiyot: iqtisodiyot nazariyasi va makroiqtisodiyot; mintaqaviy va tarmoq iqtisodiyoti; moliya, bank ishi va buxgalteriya hisobi; menejment va marketing; raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlik.
- Taʼlim: taʼlim va tarbiya nazariyasi hamda metodikasi; oliy va kasbiy taʼlim; taʼlim texnologiyalari va elektron oʻqitish; pedagogik psixologiya; inklyuziv taʼlim va uzluksiz oʻqitish.
Barcha qoʻlyozmalar ikki tomonlama yashirin taqrizdan (double-blind peer review) va plagiatga tekshiruvdan oʻtkaziladi; Jurnal Nashr etikasi qoʻmitasi (COPE) tamoyillariga rioya etadi. Maqolalar ochiq kirish (Open Access) tamoyili asosida eʼlon qilinadi, har bir maqolaga DOI raqami beriladi.
Nashr tillari: oʻzbek, rus va ingliz. Davriyligi: yiliga 4 marta (har chorakda bir marta). Maqolalar har chorak oxirgi oyining 25-sanasigacha qabul qilinadi; navbatdagi son keyingi chorak birinchi oyining 15-sanasigacha eʼlon qilinadi.